O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi va Turkiyaning UKSAD uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida muhim voqea sodir bo‘ldi — O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi raisi Muxtor Umarov va Turkiyaning ishlab chiqarishga qo‘shilgan qiymatni ta’minlovchilar uyushmasi (UKSAD) vakili Tolga Turan o‘rtasida Central Asia Smart City loyihasini amalga oshirish bo‘yicha strategik hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum 6400 gektar maydonda barpo etiladigan “Central Asia Smart City” loyihasiga Turkiyadan keluvchi ishlab chiqaruvchi, qurilish, muhandislik, AR-GE tashkilotlari, investitsion assotsiatsiyalar va turli uyushmalarni jalb qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi.
Bu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi sanoat va iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, texnologik innovatsiyalarni joriy etish, yangi investitsion imkoniyatlar yaratish, shuningdek, texnik va moliyaviy yordamni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Hamkorlik doirasida tomonlar o‘zaro texnologik yutuqlarni almashish, ilmiy-texnik konferensiyalar tashkil etish, Turkiya kompaniyalarining O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun zarur infratuzilma va huquqiy asoslarni yaratishni maqsad qilganlar.
Bu memorandum — ikki tomonlama aloqalarning yangi bosqichi bo‘lib, "Made in Uzbekistan" konsepsiyasi doirasida O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.












