Ish Vaqti: 8.00 - 17.00

Central Asia Smart City bo'yicha Prezitent qarori loyihasi e'lon qilindi

Toshkent viloyati Ohangaron tumanining 6400 gektar hududida Central Asia Smart City shaharchasini qurish rejalashtirilmoqda. Shu haqdagi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.


Qayd qilinishicha, loyiha Toshkent viloyatida etakchi texnologik xabni tashkil etishga qaratilgan va 2025−2035 yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Loyihaga koʻra, Central Asia Smart City erkin iqtisodiy, savdo-sanoat, logistika va moliya markazi sifatida 6400 gektar maydonda barpo etiladi. Dastlabki bosqichda 500 gektar er maydoni ajratilib, unda moliyaviy markaz, logistika infratuzilmasi va strategik qurilish ishlari amalga oshiriladi. Qolgan 5900 gektar er maydoni bosqichma-bosqich oʻzlashtiriladi.


Loyihaning bosh tashabbuskori va boshqaruv kompaniyasi sifatida Going Investment MChJ qoʻshma korxonasi belgilangan. Shuningdek, Fransiyaning Byuro Veritas Consulting Co., Yaponiyaning Ainergy Co. Ltd, Turkiyaning ND İmar İnşaat ve Ticaret A.Ş. kompaniyalari hamda Oʻzbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi loyiha hamkorlari sifatida ishtirok etadi.
Loyiha doirasida 10 milliard AQSh dollari miqdorida bevosita investisiyalar jalb qilinishi, 150 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Aqlli va yashil (Smart & Green City) shahar konsepsiyasi asosida 200 ming aholiga moʻljallangan zamonaviy yashash va ishbilarmonlik muhitiga ega hudud barpo etiladi.


Central Asia Smart City uchun bosh reja va master-reja Turkiyaning ND İmar İnşaat ve Ticaret A.Ş. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqiladi. Hududda yuqori texnologiyalar asosida energetika, transport, aloqa, yashil energiya, ta'lim va ilmiy markazlar barpo etilishi belgilangan.


Shuningdek, loyiha doirasida «Bilim va texnologiyalar xalqaro universiteti» (75 ming oʻrinli kampus bilan) tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Hudud investisiyaviy faoliyat uchun maxsus iqtisodiy zona maqomiga tenglashtiriladi, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlari, valyuta va mehnat sohasidagi preferensiyalar tatbiq etiladi.
Qaror loyihasi muhokamasi 10 noyabrgacha davom etadi.

Share:

Bizning ishonchli hamkorlarimiz