Ish Vaqti: 8.00 - 17.00

GOING Investment va Tim Forklift A.Ş. o‘rtasida “Central Asia Smart City” loyihasi doirasida ishlab chiqarish hamkorligi memorandumi imzolandi

2025-yil 28-may kuni GOING Investment LLC (O‘zbekiston) va Tim Forklift A.Ş. (Turkiya) kompaniyalari o‘rtasida “Central Asia Smart City” mega-loyihasi doirasida ishlab chiqarish va innovatsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga doir Mutabakat Zaptini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu memorandum asosida, O‘zbekistonda “Made in Uzbekistan” markasi ostida transpaletlar, istiflash uskunalari, elektr va dizel forkliftlar hamda platforma tizimlarini mahalliy ishlab chiqarishga qaratilgan zamonaviy sanoat majmualari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ishlab chiqarish uch bosqichda amalga oshiriladi: avvaliga yarim montaj (SKD), so‘ngra to‘liq yig‘ish (CKD) va nihoyat mahalliy komponentlarni integratsiyalash orqali to‘liq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, TIM Forklift kompaniyasining ilg‘or muhandislik va avtomatlashtirish texnologiyalari GOING infratuzilmasiga o‘tkaziladi.

Mahsulotlar nafaqat O‘zbekiston ichki bozori uchun, balki butun Markaziy Osiyo bozorlariga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, texnik kadrlar uchun O‘zbekistonda va Turkiyada maxsus o‘quv dasturlari tashkil etiladi.

Bu strategik hamkorlik orqali GOING Investment O‘zbekistonda sanoat infratuzilmasini modernizatsiya qilishi, TIM Forklift esa Markaziy Osiyoda o‘zining ishlab chiqarish bazasini yaratishi ko‘zda tutilgan.

Share:

Bizning ishonchli hamkorlarimiz